Rossiya 24-fevralgacha Ukrainaga bostirib kiradi — Bayden
AQSH rahbari razvedka maʼdumotlariga tayanayotganini maʼlum qilgan.

Jozef Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Putin Ukrainaga bostirib kirish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Bu haqda u 18-fevral kuni jurnalistlar oldidagi chiqishida maʼlum qilgan.
Bayden Putinning niyati qatʼiy ekaniga aminligini aytgan. Shu bilan birga Rossiya agressiyasi yuz bermas ekan, diplomatiya imkoniyat sifatida saqlanib qolishini taʼkidlagan.
AQSH rahbarining bu so‘zlariga asos borligi haqidagi savolga Bayden "Bizda sezilarli razvedka salohiyati bor", — deb javob bergan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Moskva yaqin kunlarda Ukrainaga hujum qiladi. "Rossiya kuchlari hozirda Ukrainani Belarus tarafdan, rus-ukrain chegarasi va janubda Qora dengizgacha o‘rab oldi", — deya qayd etgan u.
Bayden kelgusi haftada urush boshlanishi mumkinligi va Rossiya maqsadi Kiyevni egallash ekanini taʼkidlagan. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, hujum 24-fevralgacha, yaʼni Sergey Lavrov hamda Entoni Blinken uchrashuvigacha amalga oshiriladi. Bayden urush boshlangan taqdirda "Rossiya juda katta tovon to‘lashi" mumkinligidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT bosh kotibi Rossiya-Ukraina urushiga ishonmasligini maʼlum qilgandi.
Jahongir Qo‘ziyev







