46 yashar Oksana Chusovitina yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekistonlik gimnastikachi Doxada o‘tayotgan Jahon kubogining final bosqichida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Qatar poytaxti Doha shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur musobaqada Oksana Chusovitina yetakchiligidagi bir guruh o‘zbekistonlik sportchilar ham qatnashmoqda.
Jahon kubogining tayanib sakrash mashqlari final bahslarida 46 yoshli Oksana Chusovitina eng yaxshi natija qayd etdi va yakunda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Uning yakuniy ko‘rsatkichi 13.433 ballni tashkil qildi.
Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina 1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016 va 2021 yillarda o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. U 1992 yili jamoaviy bahsda Olimpiya chempioni, uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Oksana Chusovitina Tokio Olimpiadasidagi ishtirokidan so‘ng sportdan ketganini e’lon qilgandi. 2021 yilning oktyabr oyiga kelib, u yana sportdagi karyerasini davom ettirmoqchiligini bildirdi.








