Anonymous xakerlar guruhi Rossiya davlat telekanallariga kiberhujum uyushtirdi.
Bu haqda BBC xabar berdi.

Hodisa yakshanba kuni sodir bo‘lgan. Ular telekanallar translyatsiyasini to‘xtatib, ekranga urushga qarshi shiorlarni joylashtirgan.
Xakerlar rus striming servislaridan Ivi va Wink, telekanallardan “Perviy”, "Rossiya 24" va "Moskva 24" larga hujum qilgan. Xususan, ushbu telekanallarda odatiy xabarlar o‘rniga Xarkovning bombardimon qilingani videosini va urushga qarshi shiorlar chiqqan.
Ammo bu uzoq davom etmadi: tez orada translyatsiyalar odatiy tartibga qaytdi.
Maʼlumot o‘rnida: Rossiya 24-fevralda Ukrainaga qarshi maxsus operatsiya boshlagach, Anonymous xakerlari unga qarshi kiberurush eʼlon qildi. Hozirda Moskva doimiy ravishda rasmiy OAV va davlat tashkilotlariga xakerlar hujumini qayd etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq rus xakerlari Anonymous saytini ishdan chiqargani to‘g‘risida xabar berilgandi.







