Toshkentda 20 ming dollarlik giyohvandlik vositasi sotuvchisi ushlandi
Jinoiy guruhning yana ikki nafar a’zosi qo’lga olingan.

5-mart kuni Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog’liq holat aniqlandi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, asli surxondaryolik bo’lgan shaxs o’zining Neksiya rusumli avtomashinasida kelib, xaridorga 20 ming dollar evaziga 1 kg “opiy” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo’lga olingan. Jinoiy guruhning yana ikki nafar a’zosi o’zlarining Cobalt rusumli avtomashinasida qochishga uringan paytida ushlangan.
Shundan so’ng mazkur shaxslarning Chilonzor tumani “Kichik halqa yo’li” ko’chasida joylashgan vaqtincha yashash manzili tekshirilgan. Tintuv davomida gumonlanuvchilarga tegishli bo’lgan sport sumkasining ichidan 48 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Giyohvandlik moddalarining barchasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, hozirda ularning manbasini aniqlashga qaratigan qidiruv tadbirlari davom etmoqda.
Avvalroq surxondaryolik haydovchining O‘zbekistonga 97 kilo giyohvandlik vositalarini olib kirishga uringani xabar qilingandi.








