Makron harbiy xarajatlarni oshirmoqchi
Bu uning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan.

Yevropa davlatlari mudofaaga ko‘proq mablag‘ ajratishi kerak. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi.
"Biz qit’ada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yuqori intensivli urushga tayyor turish uchun mudofaa sohasiga investitsiyalarni ko‘paytirishimiz kerak", — degan u.
Fransiya yetakchisining fikricha, fransuz qurolli kuchlari Yevropadagi yagona to‘laqonli armiya hisoblanadi. Makron 2025-yilga kelib harbiy harajatlar 50 mlrd yevroga yetishini ma’lum qilgan.
"Hozirda armiyaga yiliga 40.9 millard yevro ajratiladi. Inqirozga qaramay, biz va’damizni bajardik va 2020-yildan boshlab YAIMning 2 foizini mudofaaga sarflamoqdamiz. 2025-yilga kelib 50 millliardlik ko‘rsatkichga erishamiz", — deb qo‘shimcha qilgan Makron.
Shuningdek, u 2017-yilda mudofaa xarajatlari bor-yo‘g‘i 32.3 milliard yevroni tashkil etganini eslatgan. Fransiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Parij Yevropa xavfsizligini mustahkamlashda birlashtiruvchi rol o‘ynaydi.
Avvalroq Makron Putin bilan telefonda muloqot qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.








