Imron Xon Zelenksiyga nima uchun minnatdorchilik bildirdi ?
Zelenskiy Pokiston bosh vaziri bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Pokiston bosh vaziri Imron Xon Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda Ukraina mojarosining tezroq tinch yo‘l bilan hal etilishiga umid bildirdi. Bu haqda "Pakistan Today" gazetasi xabar berdi.
“Imron Xon Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda Ukrainadagi jangovar harakatlar davom etayotganidan chuqur taassuf bildirdi va Pokistonning bu mamlakatdagi mojaroni dialog va diplomatiya yo‘li bilan zudlik bilan hal etish tarafdori bo‘lgan prinsipial pozitsiyasini tasdiqladi”, — deyiladi xabarida.
Pokiston hukumati rahbari suhbatda avvalroq Islomobodda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 48-sessiyasida Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga tayyorligini bildirgan edi.
“Pokiston kabi blokka kirmagan davlatlar Ukrainada diplomatik yechim topish va harbiy harakatlarni to‘xtatishda ijobiy rol o‘ynashi mumkin”, - dedi Imron Xon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi mojaro rivojlanayotgan mamlakatlarga salbiy iqtisodiy taʼsir ko‘rsatib, neft va xom ashyo narxi oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shunga qaramay, Pokiston Ukrainaga insonparvarlik yordamini davom ettirishga tayyor.
Imron Xon, shuningdek, prezident Zelenskiyga Ukraina sharqidagi urush zonalaridan pokistonlik talabalar, fuqarolar va diplomatlarni evakuatsiya qilishda Ukraina hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.
Avvalroq, Iroq Suriya bilan chegarani kuchaytirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.







