Oq uy Eronni yadro kelishuvi hamon imzolanmaganida aybladi
Jen Psakining so‘zlariga ko‘ra, Tehron mavzuga aloqador bo‘lmagan talablarni qo‘ygan.

Eron yadro kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda mavzuga aloqador bo‘lmagan shartlarni qo‘ymoqda. Bu haqda Oq Uy matbuot kotibi Jen Psaki maʼlum qildi.
"Fikrimizcha, bu bitimning tuzilishi masʼuliyati to‘liq Eronning zimmasida turibdi. Agar Tehron tayyor bo‘lsa, miz qatʼiy kelishuvni imzolashga tayyormiz. Ammo Eron yadro kelishuviga amal qilishga aloqador bo‘lmagan qator masalalarni ko‘targanini ko‘rdik", — degan u.
Psakining qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Eronning Venadagi kelishuvlarga eʼtibor qaratishini istaydi. U muzokaralar to‘xtab qolgani uchun aybni boshqalardan qidirishni to‘xtatishni ham so‘ragan.
Dushanba kuni Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Said Xatibzoda Vashingtonni Venadagi muzokaralar to‘xtab qolishida ayblab chiqqandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy ushbu vaziyatdan o‘z ichki muammolarini hal etish yo‘lida foydalanmoqchi.
Maʼlumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida "Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi" imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, G‘arb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi.
Avvalroq Eron tashqi ishlar vaziri tez orada kelishuvga erishilishi to‘g‘risida maʼlumot bergandi.







