Pxenyanda Kim Chen Inga bag‘ishlangan ko‘rgazma zali ochildi
Unda Shimoliy Koreya yetakchisining "o‘lmas muvaffaqiyatlari" aks ettirilgan ekspozitsiyalar o‘rin olgan.

Pxenyandagi markaziy inqilob muzeyida Kim Chen Inning hokimiyatga kelgani o‘n yilligi munosabati bilan maxsus ko‘rgazma ochildi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, ko‘rgazmada mamlakat rahbarining "o‘lmas muvaffaqiyatlari" aks etgan foto va videolavhalar o‘rin olgan. Ekspozitsiyalarning aksariyati 2016 yildagi Koreya mehnat partiyasi syezdidan keyingi davrga bag‘ishlangan. O‘sha yili Kim KXDR mudofaa salohiyatini kuchaytirishga va "masʼuliyatli yadro davlati" tashkil etishga topshiriq bergandi.
Telegraf agentligi shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab Kim Chen Inning hokimiyatga kelgani munosabati bilan ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tganini maʼlum qilgan.
Kim 2012-yil 11-aprelda rasman mamlakat mehnat partiyasi birinchi kotibi etib tayinlangan.
Avvalroq Janubiy Koreya Pxenyanni muloqotga chaqirgandi.







