Eronning Afg‘onistondagi konsulxonasiga hujum uyushtirildi
Shuningdek, turli shaharlarda Tehronga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

Eronning Hirotdagi konsulxonasi eshiklari yoqib yuborildi. Bu haqda mahalliy OAVlarga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.
Qayd etilishicha, shaharda Eronning afg‘on qochqinlariga ko‘rsatayotgan munosabatiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilgan. Mahalliy xavfsizlik xodimlari namoyishchilarning ayrimlarini qo‘lga olgani aytilmoqda.
Shu bilan birga Kobul va Xost shaharlarida ham namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
Kobulda namoyishchilar Erondan afg‘on qochqinlarini majburiy deportatsiya qilishni to‘xtatishni, shuningdek, ularga qarshi zo‘ravonlikka chek qo‘yishni talab qilgan.
O‘z navbatida Eronning Afg‘onistondagi elchixonasi bu harakatlarni ikki davlat va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirishni istagan kuchlar tomonidan amalga oshirilayotganini aytgan.
Avvalroq Vashingtondagi Afg‘oniston elchixonasi yopilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







