Ukraina delegatsiyasi Vashingtonga boradi
Uning tarkibida iqtisod va moliya sektori rahbarlari bor.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal boshchiligidagi delegatsiya keyingi hafta AQSHga boradi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, delegatsiya "Katta yettilik" moliya vazirlari bilan ikki tomonlama muzokara o‘tkazadi. Shuningdek, ular 21 aprelda o‘tkaziladigan Jahon bankining Ukraina bo‘yicha "dumaloq stoli" da ishtirok etadi.
Delegatsiya tarkibiga bosh vazirdan tashqari, moliya vaziri Sergey Marchenko, Ukraina milliy banki rahbari Kirill Shevchenko va boshqalar kiritilgan. Bu mamlakat moliya sektorining Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan keyingi ilk tashrifi bo‘ladi. Reuters‘ning taʼkidlashicha, muzokaralar yakuniga ko‘ra Xalqaro valyuta jamg‘armasi global iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga o‘zgartirish kiritadi.
Avvalroq Jahon Banki Ukraina iqtisodiyoti 45 foizga qisqarishini maʼlum qilgandi.







