Yaman xusiylari bolalarni urushga jalb qilmaslikka rozi bo‘ldi
Bu borada BMT bilan maxsus kelishuv imzolangan.

Yaman xusiylari harbiy harakatlarda bolalardan foydalanishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Bu haqda BMT maʼlum qildi.
Tashkilotning taʼkidlashicha, xusiylar “harakatlar dasturi”ni qabul qilgan va imzolagan. Unga ko‘ra, endilikda bolalar qurolli nizoga jalb etilmaydi, shuningdek, kasalxona va maktablarga hujumlar uyushtirish to‘xtatiladi. BMT vakili Stefan Dyujarrik isyonchilar o‘z safidan bolalarni olti oy davomida chiqarishini aytgan.
Kelishuvni xusiylarning diplomatlaridan biri Abdul Elux Xadjar imzolagan. Uni imzolash jarayonida BMT rasmiylari ishtirok etgan va u mamlakat poytaxti Sanada bo‘lib o‘tgan. xusiylar bu tadbirni bolalarni himoya qilish uchun amalga oshirilganini aytmoqda.
BMTning oliy martabali amaldori Virjiniya Gamba bu qadamni “pozitiv va umid beruvchi” deb baholagan.
“Harakatlar rejasi to‘liq amalga oshirilishi va Yamandagi bolalarning himoyasi uchun sezilarli natijalarga olib kelishi kerak”, – degan Gamba.
BMT maʼlumotlariga ko‘ra, Yamandagi fuqarolar urushi davomida 3500 nafar bola harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Ammo bu raqam ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. masalan, xusiylar vakilining Associated Press‘ga bergan intervyusida urushga jalb qilingan bolalar soni 18 mingdan ortiq ekanini tan olgan. O‘shanda ayrim bolalar 10 yoshidan boshlab qo‘liga qurol ushlaganini aytgan.
Xalqaro tashkilotlar fuqarolar urushi davomida 10200 nafar bolalar halok bo‘lganini ochiqlagan.
Yamanda fuqarolar urushi 2014 yilda avj olib ketdi. O‘shanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan xusiylar Sanani egallab oladi va rasmiy hukumatni mamlakatdan tark etishga majbur qiladi. 2015 yilda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari koalitsiyasi mojaroga aralashadi.
Tahlilchilar urush davomida 14.5 ming tinch aholi vakillari halok bo‘lganini maʼlum qilgan. Shuningdek, harbiy harakatlar dunyodagi eng yirik gumanitar inqiroz paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Avvalroq Saudiya Arabistoni Yaman prezidentini isteʼfoga chiqishga majbur qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







