Samarqandda musiqa maktabi yonib ketdi
Holat yuzasidan viloyat FVB ma’lumot berdi.

28-aprel kuni soat 20:35 da Kattaqo‘rg‘on shahri “Navbahor” MFY hududidagi musiqa maktabida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat FVB xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joyiga 2 ta qutqaruv ekipaji jalb etilgan va soat 21:15 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Maktabning 30 kvadrat/metr maydonida shift qismi yonib zararlangan.
“Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand tumanining “Qoziqo‘rg‘on” MFY hududidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘lgandi. Oqibatda 3 ta uyning tom qismiga zarar yetgan.








