O‘zbekistonda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil qilindi
Oliygoh bitiruvchilariga Buyuk Britaniya universitetining diplomi beriladi.

Kecha, 7-may kuni “Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil etildi.
Universitet Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan ta’sis etiladigan to‘liq akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan davlat ishtirokidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Universitetda ta’lim grant va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2022/2023-o‘quv yilidan boshlab oliygohda aqlli qishloq xo‘jaligi, agronomiya, biotexnologiya, agroiqtisodiyot, chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, agrologistika kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari tashkil etiladi. Universitet bitiruvchilariga hamkor universitetning diplomi beriladi.
Qarorga ko‘ra, Universitetda davlat muassasasi shaklidagi Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi (Capacity Building Center) tashkil etildi.
Shuningdek, 2022-yil yakunigacha talabalar, magistrant va ilmiy izlanuvchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida startap-loyihalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasasi shaklidagi “Agro Innovation Incubator” markazi tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev videselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Davlat rahbari yangi universitet uchun chet ellik o‘qituvchilarni jalb qilishi kerakligini alohida ta’kidlagandi.








