Andijonda ishga kiritish evaziga 600 dollar so‘ragan shaxs ushlandi
Holat bo‘yicha viloyat IIB ma’lumot berdi.

Andijon viloyati Jalaquduq tumanida ishga kiritib qo‘yish evaziga 600 AQSH dollari pora talab qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
16-may kuni fuqaro arizasiga binoan, Andijon viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Jalaquduq tumani IIB JQB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida fuqaro T.X. ariza muallifi A.J.ni tibbiyot birlashmasiga “Kompyuter injenerligi” vazifasiga ishga joylab qo‘yishini aytib, undan 600 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
“Mazkur holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi hamda 25, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati Asaka tumanida fuqaro 40 mln so‘m pora bilan ushlangandi. U tumandagi fermer xo‘jaligi hududiga quvvati 100 KVA bo‘lgan transformatorni o‘rnatib bermoqchi bo‘lgan.








