Xivada “Bahodirlar o‘yini” turniriga start berilmoqda
4–5-iyun kunlari o‘tkaziladigan xalqaro musoboqada 15 ta davlatdan sportchilar qatnashadi.

Joriy yilning 4-5 iyun kunlari Xiva shahrida “Pakhlavon Mahmud — Strongmen Games” II Xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Yangi O‘zbekiston” nashri xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, musobaqada O‘zbekistondan tashqari Yaponiya, Rossiya, Braziliya, Italiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Fransiya, Islandiya, Eron, Hindiston, Polsha, Tojikiston, Ozarbayjon hamda Qozog‘iston davlatlaridan sportchilar va hakamlar ishtirok etadi.
Ushbu xalqaro turnir O‘zbekiston Respublikasi Turizm va Madaniy meros vazirligi, Butunjahon Bahodirlar o‘yini federasiyasi va O‘zbekiston Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federasiyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirning o‘tkazilishi sport turizmini rivojlantirish, nufuzini oshirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini jahon miqyosida keng targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yoshlarning turizmga qiziqishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Xalqaro turnir Markaziy Osiyo mamlakatlari, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Hindistonda yengilmas qahramon, mashhur pedagog, faylasuf, so‘fiy olim bo‘lgan o‘zbek xalqining buyuk farzandi Paxlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlanadi.
Eslatib o‘tamiz, “Pakhlavon Mahmud — Strongmen Games” sport orqali islomiy ziyorat turizmini targ‘ib qiluvchi dunyodagi yagona xalqaro turnir hisoblanadi.
Birinchi «Bahodirlar o‘yinlari»ni tashkil etilishi sport turizmi yo‘nalishida xalqaro aloqalarning rivojlantirish, jahon hamjamiyatida O‘zbekistonning imidjini yanada mustaxkamlash, tanitish va turizm salohiyatini targ‘ib qilishga xizmat qilgan edi.








