Samarqandda 2 ta MCHJ binosi yonib ketdi
Yong‘inni o‘chirishga obodonlashtirish bo‘limi texnikalari ham jalb qilingan.

Samarqand viloyati Samarqand shahrida ikkita MCHJ binolarida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, hodisa bugun, 7-iyun kuni “Farovonlik” MFY hududidagi “VERBATIM” va “BAXT” MCHJ binosida yuz bergan. 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 14:03 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 14:30 da qurshab olingan va soat 16:20 da bartaraf etilgan. Shuningdek, yong‘inga viloyat Obodonlashtirish boshqarmasining texnikalari ham jalb qilingan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Taxminan 200 kvadrat metr maydonda binoning tomi va shift qismi yonib zararlangan. Hozirda yong‘inni kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Samarqand viloyatining Narpay tumanidagi bozorda yirik yong‘in sodir bo‘lib, oqibatda 3 ta do‘konga zarar yetgandi.







