AQSH Tayvanda status-kvoni saqlab qolishni taklif qildi
Pentagon rahbari orol masalasida Vashington pozitsiyasini ochiqlagan.

AQSH Tayvan bo‘g‘ozidagi hozirgi holatni saqlab qolish niyatida. Bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostin maʼlum qildi.
"Biz shu kunga qadar mintaqaga katta foyda keltirgan status-kvoni saqlab qolish niyatidamiz. Biz yagona Xitoy tamoyiliga sodiqmiz, ammo mavjud holatning bir tomonlama o‘zgartirilishiga qarshimiz. Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaymiz. Bizning siyosatimiz o‘zgarmadi. Ammo, afsuski, Xitoy haqida bunday deb bo‘lmaydi", — degan u.
Mudofaa vazirining qo‘shimcha qilishicha, Tayvan yaqinida provokatsion va beqarorlashtiruvchi harakatlar ko‘payib bormoqda. U XXRning siyosati Hind-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlikka barham berishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
"Men shuni alohida taʼkidlashni istayman: biz nizoga intilmayapmiz. Shuningdek, yangi "sovuq urush", Osiyo NATOsi yoki mintaqaning dushman bloklarga bo‘linib ketishini istamaymiz", — deb qayd etgan Ostin.
Maʼlumot o‘rnida: Tayvan 1949 yildan buyon amalda XXRdan mustaqil siyosat olib boradi. U Xitoyning ajralmas qismi ekanini butun dunyo, jumladan, AQSH ham tan oladi. Shu bilan birga aksariyat davlatlar Tayvanning Xitoy tarkibiga zo‘ravonliksiz va kuch ishlatishsiz qaytishi zarurligini taʼkidlab keladi.
Avvalroq AQSH Tayvan bilan savdo jarayonini soddalashtirishi to‘g‘risida xabar berilgandi.







