AQSH Isroil va Saudiya Arabistonini “yarashtirmoqchi”
Bayden iyul oyidagi Yaqin Sharqqa tashrifi davomida bu masalani muhokama qiladi.

AQSH administratsiyasi Isroil va Saudiya Arabistoni munosabatlarini normallashtirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqmoqda. Bu haqda Axios xabar berdi.
Uning maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu harakatlar Jozef Baydenning Yaqin Sharqqa iyul oyidagi tashrifi oldidan amalga oshirilmoqda. Joriy administratsiya Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yumshatilishi kursini davom ettirmoqchi.
Axios bilan suhbatlashgan manbalar Bayden mintaqaga kelguncha hech qanday kelishuvga erishilmaydi, ammo prezident Saudiya va Isroil yetakchilari bilan uning istiqobollarini muhokama qiladi.
Yana bir manbaning so‘zlariga ko‘ra, har qanday dasturning amalga oshirilishi uzoq istiqbolli jarayon bo‘ladi. O‘z navbatida nomi sir qolishini istagan Isroilning oliy martabali vakili Bayden tashrifi paytida Ar-Riyod bilan munosabatlarning jiddiy oldinga surilishini kutmayotganini aytgan. Shu bilan birga Isroil samolyotlarining Xitoy va Hindistonga parvozlari vaqtida Saudiya havo hududidan uchib o‘tishi bo‘yicha kelishuvga erishish mumkinligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Bayden Yaqin Sharqqa tashrifi davomida Isroil va qator arab davlatlarining havo-hujumiga qarshi hamda dengiz mudofaasi tizimlarini integratsiyasini taklif qilmoqchi.
AQSH yetakchisi 13-16 iyul kunlari Isroil, Falastin va Saudiya Arabistoniga boradi.
Avvalroq Isroil AQSH bilan havo-hujumiga qarshi mudofaa alyansini tuzmoqchi ekanligi to‘g‘risida xabar berilgandi.







