Jozep Borrel Tehronga tashrif buyuradi
U Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokara o‘tkazadi.

24 iyun kuni Yevroittifoqning tashqi ishlar va siyosat bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Tehronga tashrif buyuradi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Borrel shanba kuniga qadar Eron poytaxtida bo‘ladi. U mamlakat tashqi ishlar vaziri Amir Abdullahiyan va boshqa rasmiylar bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar muloqotning markaziy mavzusi hisoblanadi.
Maʼlumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida "Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi" imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, G‘arb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi.
Avvalroq Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralaridagi 90 foiz masala hal etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







