Toshkentda yuk mashinasi yonib ketdi
Hodisaga qisqa tutashuv sabab bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqda “Ayni damda Eski ToshMI yaqinida HOWO yuk mashinasi yonmoqda” sarlavhasi ortida tarqalgan videolavha yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi.
Hodisa 25-iyun kuni soat 23:10 larda 1-Toshkent tibbiyot akademiyasi qarshisida sodir bo‘lgan. 1995-yilda tug‘ilgan haydovchi B. I. Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab “HOWO” (davlat raqam belgisi 80 B 443 NA) rusumli yuk mashinasida harakatlanib kelayotgan vaqtida qisqa tutashuv sabab yong‘in kelib chiqqan.
Yong‘in oqibatida tan jarohat olganlar yo‘q. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida ikkita yuk mashinasi o‘zaro to‘qnashib, yonib ketgandi. Oqibatda haydovchilar tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.








