Jizzaxdagi ovqatlanish shoxobchasida yong‘in chiqdi
Oqibatda binoning 80 kvadrat metr maydonda tom-shift qismi yonib zararlangan.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida 1-iyul kuni ovqatlanish shoxobchasida yong‘in yuz berdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 15:05 larda Sharof Rashidov tumani “Fayzobod” MFY hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalarining birida yong‘in sodir bo‘lgan. Voqea joyiga 5 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari jalb etilgan. Soat 15:35 da yong‘in o‘rab olingan va 16:22 da to‘liq o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida shoxobchaning 80 kvadrat metr maydonda tom-shift qismi yonib zararlangan. Jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi va ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.








