Lavrov tufayli G20 TIV rahbarlari yig‘ilishida suratga tushish marosimi bekor qilindi
Ayrim davlatlar Rossiya tashqi ishlar vaziri bilan rasmga tushishni istamagan.

G20 davlatlarining tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida anʼanaviy suratga tushish marosimi o‘tkazilmaydi. Bu haqda Kyodo agentligi xabar berdi.
Bunga AQSH va boshqa qator davlatlarning TIV rahbarlarining Rossiya bosh diplomati Sergey Lavrov bilan suratga tushishni istamasligi sabab bo‘lgan.
“Katta yigirmatalik” tashqi ishlar vazirlarining bu yilgi yig‘ilishi Balida bo‘lib o‘tmoqda. Bundan oldin “katta yettilik” davlatlari delegatsiyalari vazirlar yig‘ilishidan oldin uyushtirilgan kechki ziyofatda qatnashmagan edi. Bunga ham ularning Lavrov bilan uchrashishni istamasligi sabab bo‘lgan.
Avvalroq ayrim Yevropa davlatlari Lavrovning samolyotini Serbiyaga o‘tkazmagandi.







