Lukashenko “maxsus operatsiya”da ishtirok etayotganini tan oldi
Bu ishtirok qay ko‘rinishda ekanligi ochiqlandi.

Aleksandr Lukashenko Rossiya Belarus hududidan turib Ukrainaga zarba berganini tan oldi. Bu haqda u AFP agentligiga bergan intervyusida aytgan.
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, birorta rus askari Belarusga uning ruxsatisiz kirmagan. Shu bilan birga prezident Rossiya zarbalari “o‘z bo‘linmalari” xavfsizligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilganini aytgan.
“Yana qaytarib aytaman: ha, biz amaliyotda ishtirok etmoqdamiz. Biz g‘arb, janubi-g‘arbni yopib qo‘ydik, bu orqali ruslarning orqa tarafidan zarba berilishini oldini oldik. Ishtirokimiz shu ko‘rinishda. Shu bilan birga yaradorlarni davoladik, halok bo‘lganlarni qabul qildik. Ukrainaliklarga ham, ruslarga ham dori-darmon yetkazib beryapmiz. Ammo biz odamlarni o‘ldirmayapmiz”, – degan u.
Avvalroq Belarus Rossiyaga o‘z havo hududidan foydalanishga ruxsat bergani to‘g‘risida xabar berilgandi.







