AQSH "Tolibon" bilan muzlatilgan aktivlar bo‘yicha muzokara o‘tkazdi
U Toshkentda bo‘lib o‘tgan.

AQSH davlat departamenti va moliya vazirligi delegatsiyalari Toshkentda toliblar bilan muzlatilgan afg‘on zaxiralarini muhokama qilgan. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar bosh tashqi siyosiy idorasi xabar tarqatdi.
Muzokaralar 27 iyul kuni o‘tkazilgan. AQSH tomoniga Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Tomas Uest va moliya vaziri o‘rinbosari Brayan Nelson boshchilik qilgan.
"Tomonlar Afg‘oniston markaziy banki rezervlarining 3.5 milliard dollarini afg‘on xalqi farovonligi uchun sarflanishi masalasini muhokama qildi. Qo‘shma Shtatlar bu yo‘nalishdagi ishlarni tezlashtirish zarurligini taʼkidladi", — deyiladi davlat departamenti bayonotida.
Toshkentda 25-26 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan "Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot" xalqaro konferensiyasi doirasida muzlatilgan afg‘on aktivlarini qaytarish masalasi bir necha bor ko‘tarilgan. Masalan, RF prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov bu zaxiralarni qaytarish zarurligini qayd etgan.
Avvalroq Afg‘onistonda ISHID jangarilari soni uch barobar ko‘paygani to‘g‘risida xabar berilgandi.







