AQSH vakili Eron bilan muzokara o‘tkazadi
U Yevropa vositchaligida bo‘lib o‘tadi.

AQSHning Eron bo‘yicha maxsus vakili Robert Melli Tehron bilan muzokara o‘tkazadi. Bu haqda uning o‘zi Twitter sahifasida yozgan.
“Venaga Jozep Borrel taklifi asosidagi muzokaralarga boraman. Bizning umidlarimiz katta emas, ammo Qo‘shma Shtatlar Yevroittifoq harakatlarini olqishlaydi hamda kelishuvga tayyor. Eron bunga tayyorligi tez orada ma’lum bo‘ladi”, – degan diplomat.
Ma’lumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida "Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi" imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, Gʻarb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operasiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi.
Avvalroq Eron barcha texnologiyalarga ega bo‘lsa-da, atom bombasi yaratish niyati yo‘qligini ma’lum qilgandi.








