Van I: AQSH Pelosining tashrifini atayin rejalashtirgan
Diplomat bundan ko‘zlangan maqsadni ochiqladi.

AQSH hukumati Nensi Pelosining Tayvanga tashrifini atayin inqirozli vaziyatni yuzaga keltirish uchun rejalashtirgan. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri, Davlat kengashi aʼzosi Van I maʼlum qildi.
“AQSH avval muammo yuzaga keltirish, keyin undan o‘z strategik maqsadlarida foydalanishga odatlangan. Vashington Pelosining rejalashtirilmagan tashrifidan mintaqada harbiy ishtirokini oshirish uchun foydalanishi haqida maʼlumotlar bor”, – degan diplomat.
Van I Xitoyning o‘z suverenitetini himoya qilishi adolatli va qonuniy ekanini taʼkidlagan. Shu bilan birga u Amerikaning Tayvan orqali Xitoyni boshqarishga harakat qilishga yo‘l qo‘yilmasligini hamda orolning mustaqillikka intilishi to‘g‘risidagi “fantaziyalarni barbod qilinishi”ni maʼlum qilgan.
Avvalroq Xitoy AQSH bilan qator kelishuvlardan chiqib ketgandi.







