Ekspertlar Baydendan Kiyevga 300 kilometrga uchadigan raketa berishni so‘radi
Davlat departamenti bunga munosabat bildirdi.

AQSHning 20 ga yaqin tashqi siyosat va mudofaa sohasidagi ekspertlari Jozef Baydenga maktub yo‘lladi. Unda Ukrainaga 300 kilometrga uchadigan raketalarni berishga chaqirilgan.
“AQSH Ukrainani kech bo‘lmasdan qurollantirish kerak” nomli maktub The Hill nashrida eʼlon qilingan. Ekspertlarning fikricha, Vashington Kiyevga vaziyatni saqlab turish uchun yetarli qurol bermoqda, ammo u Rossiya egallab olgan hududlarni qaytarib olish uchun kamlik qiladi.
Ular Oq uyning yana-da kuchliroq qurollarni bermasligiga sabab sifatida Moskva bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri nizoga kirish xavfini ko‘rsatgan.
“Bu kabi keragidan ortiq ehtiyotkorlik tashabbusni Vladimir Putinga bermoqda va Moskvaga bosim kuchsizlanmoqda”, – deyilgan maktubda.
Ekspertlar yetarli harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatilgan taqdirda Ukraina Rossiyani mag‘lub etishi mumkinligini qayd etgan. Ular HIMARS reaktiv o‘t ochish tizimlarini ko‘proq yetkazib berishni taklif qilgan. Bundan tashqari, ushbu tizimlar uchun 300 kilometr uzoqlikka uchadigan ATACMS raketalarini berish zarurligi qayd etilgan. Bu orqali butun Ukrainadagi Rossiya marralariga zarba berish imkoniyati paydo bo‘lishi taʼkidlangan.
Maktub Yevropadagi NATO kuchlari sobiq qo‘mondonlari Filipp Bridlav va Uesli Klark, davlat departamentining sobiq amaldorlari Kurt Volker, Pola Dobryanski, Stiven Sestanovich, AQSHning Rossiyadagi sobiq elchisi Aleksandr Vershbou va boshqalar tomonidan imzolangan.
Bunga javoban Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays Vashington Kiyevga yetarli miqdorda yordam berganini, ammo bu nizo Ukrainadan tashqariga kengaymasligi tarafdori ekanini aytgan.
Avvalroq Zelenskiy Qrim aholisini Rossiya harbiy obyektlaridan uzoqroqda turishni so‘ragandi.







