AQSH elchisi: Pelosining tashrifi Vashington-Pekin munosabatlari inqiroziga sabab bo‘lmagan
Diplomat keskinlikning asl sababini taxmin qildi.

Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy-AQSH munosabatlaridagi inqirozga sabab bo‘la olmaydi. Bu haqda Vashingtonning Pekindagi elchisi Nikolas Berns CNN telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
“Fikrimizcha, AQSH va Xitoy munosabatlarida Kongress vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi tufayli inqiroz boshlanishi mumkin emas. Bu inqiroz Pekin tomonidan atayin yaratildi”, — degan diplomat.
Bernsning fikricha, XXR reaksiyasi haddan tashqari “bo‘rttirildi”. U Xitoy hukumatini kelajakda tinch harakat qilishga chaqirgan.
“Butun dunyo Xitoyning Tayvan bo‘g‘ozidagi beqarorlik manbayiga aylanganidan xavotirga tushgan. Bu hech kimning manfaatlariga javob bermaydi”, — deb qo‘shimcha qilgan elchi.
Maʼlumot o‘rnida: Pelosi 2 avgust kuni Tayvanga bordi. Bu rasmiy Pekinning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Xitoy orol atrofini fuqarolik aviatsiyasi uchun yopdi. Tayvanga qarshi qator sanksiyalar joriy etildi.
Bundan tashqari, Pekin orol atrofida yirik mashg‘ulotlar o‘tkazdi.







