Pokistondagi toshqinlar gumanitar inqiroz deb baholandi
Mamlakatda musson yomg‘irlari ikki oydan buyon tinmayapti.

Pokistonda iyun oyidan buyon davom etayotgan musson yomg‘irlari gumanitar inqirozga olib keldi. Bu haqda mamlakat iqlim o‘zgarishi masalalari vaziri Sherri Rahmon maʼlum qildi.
“Hozir biz musson oqimining yettinchi davrini boshdan kechiryapmiz, oqibatda minglab odamlar uysiz qoldi, 830 kishi halok bo‘ldi va 1348 nafar fuqaro jarohatlandi. Balujistondan musson Sindga ko‘chdi, uning 30 tumani suv ostida qolgan. Hodisaning ko‘lamini shundan anglash mumkinki, Sindda yomg‘ir odatdagidan 395 foiz, Balujistonda 379 foizga ko‘p yog‘gan. Bu juda katta iqlim halokati, uni 2010 yilgi toshqinlar oqibatlari bilan solishtirish mumkin”, – degan u.
Shu bilan birga tabiiy ofatdan aziyat chekkanlarga darhol yordam ko‘rsatishga chaqirgan.
Pokistonda musson yomg‘irlari iyundan buyon davom etmoqda. U butun mamlakatda yirik toshqinlar va ko‘chkilarga sabab bo‘ldi. Oy boshida Islomobod favqulodda holat eʼlon qildi hamda BMTga gumanitar yordam so‘rab murojaat qildi.
Avvalroq Hindistonda 50 kishi toshqin qurboni bo‘lgani haqida xabar berilgandi.







