Trass Bayden bilan muloqot o‘tkazdi
Tomonlar nima masalalarda kelishib olgani maʼlum bo‘ldi

Yangi saylangan Buyuk Britaniya bosh vaziri Elizabet Trass AQSH prezidenti Jozef Bayden bilan telefon muloqotini o‘tkazdi. Tomonlar Rossiya-Ukraina mojarosi, Xitoy va Eron tomonidan G‘arbga bo‘layotgan tahdidlar masalasini muhokama qilgan.
Oq uy maʼlumotlariga ko‘ra, Bayden Trassni yangi lavozimi bilan tabriklagan. Ikki davlat yetakchilari AQSH va Buyuk Britaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosatini, Xitoy atrofidagi vaziyatni, Eron bilan yadro muzokaralarini, shuningdek, energetik mustaqillik masalalarini muhokama qilgan.
Dauning-strit o‘z navbatida Bayden va Trass NATO va AUKUS doirasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olganini maʼlum qilgan.
Bu Buyuk Britaniya yangi bosh vazirining lavozimiga kirishgandan keyingi ikkinchi telefon muloqoti. U dastlab Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Trass tez orada Kiyevga tashrif buyurishga vaʼda bergan.
Avvalroq Boris Jonson Trass uning siyosatini davom ettirishiga umid bildirgandi.







