BMT Ukraina qancha oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilganini ochiqladi
1-avgustda portlar orqali g‘alla savdosi tiklangan edi.

Istanbul koordinatsion markazi 1 avgustdan buyon Ukraina portlaridan 2.5 million tonna oziq-ovqat olib chiqilganini maʼlum qildi.
“9 sentyabr holatiga ko‘ra uchta Ukraina portidan eksport qilingan g‘alla va boshqa mahsulotlarning umumiy tonnaji 2 million 463 ming 991 tonnadan oshdi. Hozirgi vaqtda jami 237 kemaning harakatiga ruxsat berildi – ularning129 tasi Ukraina portlariga kirdi va 108 tasi chiqib ketdi”, – deyiladi markaz axborotida.
Maʼlumot o‘rnida: 22 iyul kuni Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT g‘alla eksportini tiklash bo‘yicha to‘rt tomonlama kelishuvga erishdi. Istanbulda uning amalga oshirilishi yuzasidan koordinatsion markaz tuzildi.
Rossiya so‘nggi vaqtlarda Ukraina g‘allasi asosan boy davlatlarga olib ketilayotganini iddao qilmoqda. Xususan, Vladimir Putin olib chiqilgan donning atigi 3 foizi qashshoq davlatlarga berilganini aytgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlagan. U Samarqandda Rossiya yetakchisi bilan bu masalada kelishib olmoqchi.







