Rossiyaga qarshi sanksiyalar qayta ko‘rib chiqiladimi?
Vengriya TIV kutilmagan bayonot bilan chiqdi.

Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi sanksiyalari kuzda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda Vengriya TIV vakili Tamash Menser maʼlum qildi.
“Sanksiyalar energiya yetishmovchiligi va narxlarning sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Bu masalada men optimist emasman, ammo kuzda cheklovlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Ko‘plab odamlar real vaziyatni ko‘rmoqda. Sovuq tushishi bilan va iqtisodiyotni boshqarish zaruriyati bilan reallik barcha davlatlar eshigini taqillatadi”,– degan diplomat.
Rossiya-Ukraina mojarosi boshlangach, G‘arb Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi. Ammo energetika masalasida Yevropa davlatlari yagona konsensusga kela olmayapti.
Avvalroq Avstriya TIV Rossiyaga qarshi cheklovlar asta-sekin olib tashlanishi mumkinligini aytgandi.







