O‘zbekiston karate federatsiyasiga yangi rais saylandi
Shuningdek, federatsiya rahbariyati va Ijroiya qo‘mitasining tarkibi qaytadan shakllantirilgan.

Bugun, 23-sentabr kuni Sportni rivojlantirish vazirligida O‘zbekiston karate WKF federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuyot xizmati xabar bermoqda.
Konferensiyada federatsiyaga yangi rais saylash, uning rahbariyati va Ijroiya qo‘mitasi tarkibini qaytadan shakllantirib olish kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.
Asosiy qismda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari kotibiyati mas’ul xodimi Rashid Azatovich Talipov nomzodi federatsiya raisi lavozimiga taklif etilgan va ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.
Shu paytgacha federatsiya rahbari sifatida faoliyat olib borgan Alam Mullayev, shuningdek, Baxtiyor Nigmatullayev, Anvar Muhamedov, Saparmurod Djiemurotov, Ilhom Mamadaliyev, Burxon Rahmonov hamda Dilnoza Bakirova rais o‘rinbosari, bungacha federatsiya Ijrochi direktori lavozimida ishlagan Farruh Tashkentbayev federatsiya Bosh kotibi etib saylangan. Shuningdek, tadbir davomida Ijroiya qo‘mitasi a’zolari ham shakllantirilib, tashkilotning yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlangan.








