AQSH Yevropaga kuniga 1 million barrel neft yubormoqchi
Vashington shu orqali YеIning rus neftiga bo‘lgan qaramligini kamaytirmoqchi.

Yevropa Rossiya neftining o‘rnini to‘ldirishi uchun AQSH har kuni qitʼaga 1 million barrel “qora oltin” yuboradi. Bu haqda Vitol kompaniyasi direktori Rassel Xardi maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, RFdan kelayotgan xomashyo AQSH, Yevroittifoq va Buyuk Britaniyadan tashqarida o‘z “uyi”ni topishi kerak.
“U yanada uzoqlashadi va yangi bozorlar topadi. Shu bilan birga ular katta chegirma bilan mahsulot sotishga majbur bo‘ladi”, – degan Xardi.
Kompaniya direktori Rossiya yoqilg‘isi Osiyo va Yaqin Sharqqa yetkazib berilishini, bu yerdan esa G‘arbga sotilishini qayd etgan.
Rossiya-Ukraina mojarosi boshlangach, Yevropa Moskvadan neft va gaz sotib olishni qisqartirishga kirishdi. YеI hozirda muqobil yetkazib beruvchilarni qidirmoqda.
Avvalroq AQSH gaz tanqisligi tufayli Yevroittifoqning Ukraina masalasida pozitsiyasini o‘zgartirishidan xavotir bildirgandi.







