Toliblar Rossiyani neft mahsulotlari sotishga ko‘ndirdi
O‘tgan oyda Afg‘oniston delegatsiyasi bu masala bo‘yicha Moskvada muzokara o‘tkazgandi.

Rossiya “Tolibon”ga oziq-ovqat va yoqilg‘i eksport qilishga rozi bo‘ldi. Afg‘oniston savdo vaziri v.b. Nuriddin Aziziy bu haqda maʼlum qildi.
Unga ko‘ra, Moskva har yili 1 million tonna benzin, 1 million tonna dizel, 500 ming tonna suyultirilgan tabiiy gaz va 2 million tonna bug‘doy yetkazib beradi. Shartnomalar amalga oshirilishi bo‘yicha sinov muddati belgilangan. Agar ushbu muddat muvaffaqiyatli o‘tgan deb topilsa, tomonlar kelishuvni uzaytiradi.
Tovarlar Afg‘onistonga temiryo‘l orqali olib kelinadi. Aziziyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya jahon bozoridagi narxlarga nisbatan chegirma qilib berishga rozi bo‘lgan.
O‘tgan oyda savdo vaziri RFga tashrif buyurgan va rossiyaliklar bilan savdoni tiklash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgandi.







