O‘zbekcha nom qo‘ysa, yarashmaydi yo zamonaviy ko‘rinmaydi(mi)?
Ochilishi uzoq kutilgan Gʻafur Gʻulom istirohat bog‘iga inglizcha nom berilishi mumkin.

O‘zbekiston rivojlangan va rivojlanishda davom etayotgan davlat. Turli-tuman binolar, yangidan-yangi mehmonxonalar, zamon talabiga mos ko‘ngilochar joylar qurilmoqda. Shaharda city’lar ham ko‘payib ketdi. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kunni katta tantana qildik. Tilimizga e’tibor berish, yutuq va kamchiliklarimiz, jumladan, yangi qurilayotgan inshootlarga berilayotgan nomlar, asosan, chet tilidagi so‘zlardan iboratligi haqida ham ko‘p va ho‘p gapirdik. Biroq bayram o‘tdi, berilgan va’dalar unutildi. Holat esa o‘sha-o‘sha…
Toshkent shahridagi Gʻafur Gʻulom bog‘ida ta’mirlash ishlari tugatilib, test rejimida faoliyati sinab ko‘rilmoqda (aslida “test rejimi” degan jumlaning o‘ziyoq kishini taajjublantiradi). Chilonzor tuman hokimligining ma’lum qilishicha, bog‘ tez kunda “Dream Park” nomi bilan qayta ochiladi.
Bog‘ning xalq o‘rganib qolgan nomi o‘zgarayotgani, boz ustiga yangi nom inglizcha ekani ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Bog‘ darvozasidan “Gʻafur Gʻulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i” degan yozuv “yulib olingan”.
“Yuz mingdan ortiq o‘zbekcha so‘z ichidan shu bog‘ga munosib nom topilmabdi. O‘zbekcha nom qo‘ysa, yarashmaydi yo zamonaviy ko‘rinmaydi deb o‘ylashgandir, balki. Inglizchalab ‘Dream Park’ desa, modern to‘king bo‘ladi-da, a? Hech qursa, “Orzular bog‘i” de, “Orzu bog‘i” de. Yo‘q, albatta, ajnabiy ot qo‘yilishi kerak. O‘zi hammayoq shunaqa xorijiy nomlarga to‘lib ketyapti. Hech bo‘lmasa, ommaviy maskanlarga o‘zbekcha ot qo‘yinglar, baraka topkurlar”, – deb yozdi Telegramdagi Orif Tolib kanali muallifi.
Facebook foydalanuvchilaridan biri Yoqutxon Rahmonberdiyeva o‘zbekona milliy nomlarni olib tashlab, qayoqdagi ajnabiy nomlarni ommalashtirish nega va kimga kerak, degan savolni ko‘ndalang qo‘ydi.
“Shunday xolatlardan keyin milliylik va o‘zbek tilim – ona tilim deb gapirish g‘alatiroq eshitilmaydimi?!”, — deya shaxsiy fikrini yozdi.
Tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi bog‘ o‘zbekcha nomlanishini yoqlagan. Ulardan biri bog‘ni Gʻafur Gʻulom asarlarining eng mashhur qahramonlaridan birining sharafiga “Shum bola” deb atashni taklif qilgan.
Bog‘ direktori o‘rinbosari Zafar Mirzaulug‘ovning aytishicha, “bog‘ nomi o‘zgarmaydi” va Gʻafur Gʻulom nomi saqlanib qoladi. Faqat yoniga Dream Park so‘zi qo‘shiladi.
“Orzular bog‘i” degan so‘z qo‘shilib, “Gʻafur Gʻulom nomidagi Dream Park” yoki “Orzular bog‘i” deb ataladi. Nom masalasida bizda juda ko‘p variant bor edi. Masalan, Gʻafur Gʻulom yoniga “Shum bola” so‘zini ham qo‘shmoqchi bo‘ldik. Rahbariyat “Dream Park” nomini tanladi”, – dedi bog‘ direktori o‘rinbosari.
Chilonzor tumanining asosiy bog‘i bo‘lgan Gʻafur Gʻulom bog‘i ta’mirlash ishlari uchun 2019 yil mart oyida yopilgan edi. Natijada oxirgi uch yildagi yoz mavsumlarida shahar aholisi bog‘dan foydalana olmadi.
Hokimlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda bog‘da tozalash va tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda.
“Biz faqatgina poytaxtning eng yirik yashil hududlaridan birini saqlab qolishni emas, balki hududni yangi va turli daraxtlar, butalar va gullaydigan o‘simliklar bilan to‘ldirishni ham o‘z oldimizga vazifa sifatida qo‘ygandik”, — deydi Gʻafur Gʻulom bog‘i direktori o‘rinbosari Zafar Mirzaulukov.
“Bog‘ barcha rasta, kafe va kabob tayyorlaydigan joylardan tozalandi. Katta e’tibor landshaft dizayniga qaratildi va bunda bog‘ maksimal darajada tabiiy bo‘lib, uyg‘unlik saqlab qolindi. Asosiysi, bog‘dagi daraxtlar to‘liq saqlanib qolindi va sug‘orish tizimi to‘liq o‘zgartirildi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Gʻafur Gʻulom bog‘i “ekofrendli” uslubida yangilandi. Masalan, eng kichik tashrif buyuruvchilar uchun o‘yin maydonlarida xorijda ishlab chiqarilgan to‘liq tabiiy kompozision materiallardan bo‘lgan turli arqonli zinalar, qoyalar va kanatlar o‘rnatildi.
Bog‘ga charxpalak ham qaytarildi. Ushbu attraksion yopiq kabinkalar va kondisionerlash tizimiga ega zamonaviy jihozlandi.
“Piyoda sayr qilish va yugurish yo‘laklariga joy bo‘shatish uchun bog‘da attraksionlar sonini kamaytirilgan. Bunda tashkilotchilar attraksionlarni ularning ancha zamonaviy va xavfsiz turlariga o‘zgartirdi. Bog‘ hududida joylashgan ikkita ko‘l to‘la ta’mirlanib, gidrotizimlar to‘liq o‘zgartirildi. SHuningdek, ko‘llarning atrofida plyaj zonalari va tabiat qurshovida dam olish uchun joylar yaratildi. Ko‘llarning birida qayiq va katamaranlar saqlab qolinmoqda, ikkinchi ko‘l esa o‘rdaklar uchun ajratilgan”, — deyiladi tuman hokimligi xabarida.
Ma’lumot uchun: bir necha yil oldin Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga (sobiq Telman bog‘i) Central Park, Milliy bog‘ning bir qismida tashkil etilgan istirohat maskaniga esa Magic City degan nomlar berilgan.
Avvalroq “Gʻafur Gʻulom” istirohat bog‘i 24 oktyabr kuni ochilishi haqida xabar bergandik. Ammo kecha bog‘ qurilishiga mas’ul shaxslardan birining Zamon.uz'ga ma’lum qilishicha, uning ochilishi yana bir necha kunga surilishi mumkinligi aytilgandi (bunga Toshkent shahrida kuzatilayotgan yomg‘irli ob-havo bilan bog‘liq vaziyat sabab qilib ko‘rsatildi).
Bahriniso Madumarova








