Blinken: Rossiya haqiqatdan ham muloqotni istasa, Ukraina hukumati bilan gaplashsin
AQSH Davlat kotibi Baydenning Putin bilan muzokara o‘tkazmasligi sababini ochiqladi.

Jozef Bayden G20 sammitida Vladimir Putin bilan uchrashmoqchi emas. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken maʼlum qildi.
“Rossiya va Putin Ukrainadagi nizoni hal qilish uchun diplomatiyadan manfaatdor emas. Agar sermazmun diplomatiya mavjud bo‘lganda, biz bundan foydalangan bo‘lardik. Ammo buni ko‘rmayapmiz”, – degan diplomat CBC telekanaliga bergan intervyusida.
Blinken nizoni tugatish masalasi bevosita Moskva va Kiyev o‘rtasida hal qilinishi zarurligini taʼkidlagan.
“Agar Rossiya haqiqatdan ham muloqotni istasa, u ukrain hukumati bilan muzokara olib borishi kerak”, – deb qo‘shimcha qilgan Davlat kotibi.
G20 davlat rahbarlari sammiti 15-16 noyabr kunlari Balida bo‘lib o‘tadi. Unda Putinning ishtirok etishi masalasiga hali aniqlik kiritilmagan. Bundan oldin Indoneziya tomoni Rossiya va AQSH yetakchilari uchrashuvini tashkil etishga tayyorligini aytgandi.







