Finlyandiya NATO aʼzosiga aylangach, o‘z hududiga yadro qurolini joylashtiradimi?
Mamlakat prezidenti bu bo‘yicha rejalarni ochiqladi.

Finlyandiya NATOga kirganidan so‘ng o‘z hududiga yadro qurolini joylashtirmoqchi emas. Bu haqda mamlakat prezidenti Sauli Niinistyo maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, alyansga aʼzo yadro quroliga ega davlatlardan bu bo‘yicha taklif kelib tushmagan. Prezident ushbu turdagi qurol NATOning tiyib turish strategiyasida muhim ahamiyatga egaligini taʼkidlagan, biroq bu ko‘proq profilaktik vosita ekanligini qayd etgan.
Bundan tashqari, Finlyandiya rahbari Ukraina urushining oxiri ko‘rinmayotganligini, hech bir tomon kelishishga intilmayotganini aytgan.
Finlyandiya va Shvetsiya joriy yilning yozida NATOga aʼzolik arizasini topshirdi. Hozirga qadar Vengriya va Turkiyadan tashqari alyansga aʼzo barcha davlatlar ularning tashkilotga qo‘shilishini maʼqullagan.







