Davlat bayrog‘ini qayerlarda ilib bo‘lmaydi?
Bu bo‘yicha Qonunda cheklovlar bormi?

Bugun, 18-noyabr — O‘zbekiston Respublikaning Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Bundan roppa-rosa 31 yil oldin u mamlakat ramzi sifatida tasdiqlangan. Deyarli har kuni televizor orqali davlat madhiyasi yangraganda yoki ish va o‘qish jarayonlarida davlat bayrog‘iga ko‘zimiz tushadi, lekin hamma joyda ham emas.
Zamon.uz bayroqning qayerlarga o‘rnatilishi mumkin-u, qayerlarga o‘rnatilishi mumkin emasligi bo‘yicha kichik izlanish olib bordi. 1991-yili qabul qilingan “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, u quyidagi obyektlarda o‘rnatilishi mumkin:
Ular:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari;
— O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari;
— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
— Respublika davlat boshqaruvi organlari;
— O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati;
— O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi;
— O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki;
— O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
—O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi;
— mahalliy davlat hokimiyati organlari;
—sudlar;
— prokuratura organlarining binolari;
— viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari;
— O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlarining xizmat xonalarida;
— O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan bayram kunlarida — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari bilan belgilangan markaziy ko‘chalarda, maydonlarda, boshqa jamoat joylarida va obektlarda;
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari saylovi yoki referendum kunlarida — ovoz berish o‘tkazilayotgan binolar va xonalarda;
— O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarida yoki hududlarida va transport vositalarida;
— xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarining, boshqa rasmiy delegasiyalarning xalqaro huquq normalariga, diplomatik protokol qoidalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishining tasdiqlangan dasturiga muvofiq transport vositalarida, vokzallarda, ayeroportlarda, yurish yo‘nalishi bo‘yicha va boshqa tashrif obektlarida;
—rasmiy shaxslar sifatida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasining boshqa rasmiy delegasiyalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlari tushgan chet eldagi dengiz va daryo kemalarida, boshqa transport vositalarida;
— O‘zbekiston Respublikasi kemalar qatnovi inspeksiyasining kemalar reyestrida ro‘yxatga olingan dengiz va daryo kemalarida;
—O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy birlashmalarida, qo‘shilmalarida va qismlarida, shuningdek boshqa harbiy tuzilmalarida;
— doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tish punktlarida;
— sport maydonlarida.
Qonunda, shuningdek, Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan qaysi o‘rinlarda foydalanish mumkinligi yoki mumkin emasligi aniq-tiniq qilib ko‘rsatib o‘tilgan. Lekin aynan uni qaysi tashkilot binolarida o‘rnatish mumkin emasligi keltirilmagan.
Bugun O‘zLiDeP Fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusini muhokama qilib, deputatlar orasidan ishchi guruh tuzilayotgani ma’lum qilindi.
Qonun loyihasida Davlat bayrog‘idan foydalanishdagi cheklovlarni olib tashlash, fuqarolarning erkin foydalanishi, egalik qilish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Oddiy aytganda bu o‘zgarishlardan keyin fuqarolar ham bayrog‘imizga hurmat saqlagan holda o‘z xonadonlariga ham ilish, ish joylarida erkin foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Bu orqali bayroq bo‘yicha mavjud cheklovlar uchun belgilangan jazo masalasini ham qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.








