Moskva Anqarani Suriya masalasida bosiqlikka chaqirmoqda
Kecha Erdog‘an Rossiyani Suriyadagi majburiyatlarini bajarmaslikda ayblagandi.

Suriyada eskalatsiyani kuchaytirmaslik uchun Turkiya bosiqlik ko‘rsatishi kerak. Bu haqda RF Prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentyev maʼlum qildi.
Turkiya armiyasi Suriya va Iroqda “Changal va qilich” harbiy amaliyotini o‘tkazmoqda. Amaliyot davomida kurd bo‘linmalarining marralariga zarba berilgan.
Lavrentyevning fikricha, kurd masalasini hal qilish uchun umumiy yechimni topish zarur.
“Biz albatta, turkiyalik hamkasblarimizni eskalatsiyani kuchaytirmaslik uchun bosiq bo‘lishga chaqiramiz, nafaqat Suriya shimolida, balki butun mamlakatda keskinlikning oldini olish kerak”, – degan diplomat.
Rajab Toyyib Erdog‘an kecha Suriyadagi harbiy amaliyotni boshlashga ruslarning o‘z majburiyatlarini bajarmagani majbur qilganini aytgandi. Lavrentyev bunga javoban Moskva so‘nggi oylarda Anqarani yirik operatsiya o‘tkazishdan tiyib turganini taʼkidlagan.
Avvalroq Turkiya Suriyada quruqlik qo‘shinlari ishtirokida harbiy amaliyot o‘tkazishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.







