Mask o‘zi haqida yozadigan jurnalistlarning Twitter‘ini bloklab qo‘ydi
Kecha milliarder o‘z samolyotini kuzatish bilan shug‘ullanadigan sahifa faoliyatiga taqiq qo‘ygandi.

Twitter Amerikaning ayrim yetakchi OAVlari jurnalistlari akkauntini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda jurnalistlaridan biri “qora ro‘yxat”ga tushgan The New York Times gazetasi xabar berdi.
Ushbu nashrdan tashqari , CNN telekompaniyasi, The Washigton Post gazetasi, The Intercept va Mashable portallari vakillari sahifalari ham bloklangan. Ushbu jurnalistlar akkauntiga kirishda “Twitter qoidalarini buzgan ushbu sahifalar faoliyati to‘xtatilgan” degan yozuv chiqqan.
CNN‘ning qayd etishicha, taqiqqa uchragan jurnalistlar Twitter va Ilon Mask atrofidagi vaziyatni yoritib borgan.
Maskning o‘zi ushbu akkauntlarda uning real vaqtda qayerdaligini to‘g‘risida maʼlumotlar berib borilganini, bu “qotillar uchun ochiq-oydin koordinatalar” jo‘natish ekanligini taʼkidlagan.
Bundan oldin milliarder o‘z samolyotini kuzatib boradigan foydalanuvchini bloklab qo‘ygandi.







