Buxorodagi savdo majmuasi yonib ketdi
Yong‘in qariyb 2 soatda bartaraf etilgan.

Bugun, 7-yanvar kuni soat 05:20 da G‘ijduvon tumani, “Degrezon” mahallasi, Degrezon ko‘chasida joylashgan savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘lgan.
Yong‘inni bartaraf etish uchun 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilingan. Soat 05:23 da voqea joyiga yetib borib, hudud soat 05:45 gacha qurshab olingan. Va yong‘in soat 07:50 da to‘liq bartaraf etilgan.
Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mirjon Fayzulloyev xabar eʼlon qilinayotgan vaqtda, G‘ijduvonda sodir bo‘lgan yong‘in holati bartaraf etilgach, yonib ketgan hudud 400 metr kvadrat maydondan iborat ekanini bildirdi.
"Kuchli yong‘in oqibatlarini bartaraf etish jarayonida birlamchi holatga, 250 metr kvadrat maydon, deya taxmin qilingan edi. Biroq, changli va burqsigan tutun, ustiga-ustak olovning balandligi yong‘in zabt etayotgan maydon hududini aniqlashda halal bergan",- dedi FVB axborot xizmati rahbari.
Ayni damda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ekspertiza vakillari hududda yong‘in oqibatlarini o‘rganayotgani aytildi.







