Havo shari bilan mojaro fonida AQSH-Xitoy munosabatlari yomonlashdimi?
Jozef Bayden bu bo‘yicha maʼlumot berdi.

AQSH prezidenti Jozef Baydenning fikricha, mamlakat havo hududiga kirgan sharni urib tushirishga buyruq berganidan keyin AQSH-Xitoy munosabatlari yomonlashmagan. Avvalroq Xitoy qurilmaning yo‘q qilinishiga norozilik bildirgan, Pentagon esa Pekinni strategik obyektlarni kuzatishda ayblagandi.
Jurnalistlar janob Baydendan havo sharining yo‘q qilinishi Xitoy bilan munosabatlarni yomonlashtirdi, deb o‘ylaysizmi, deb so‘rashdi.
"Yo‘q. Biz Xitoyga nima qilishimizni tushuntirdik. Ular bizning pozitsiyamizni tushunishadi. Biz orqaga chekinmaymiz. To‘g‘ri ish qildik, bu haqiqat", — deb javob berdi Amerika rahbari.
Xitoy havo shari yanvar oyi oxirida AQSH havo hududiga kirgan, qisqa muddatga Kanada bilan chegarani kesib o‘tgan, biroq keyin yana qaytib kelgan. Pekinning taʼkidlashicha, qurilma shamol tufayli kursdan og‘ib ketgan meteorologik zonddir.







