“Aravaning xumori tutaveradi”
Sharqshunoslik institutini bitirib aravakashlik qilgan Javohir, bozordagi sarguzashtlar – ko‘zdan chetda qolayotgan aravakashlar hayotiga nazar.

Farg‘ona shahar “Markaziy dehqon bozori”. 60 nafarga yaqin aravakash aravasini g‘izillatib u yoqdan-bu yoqqa o‘tib qaytmoqda. Besh-oltitasi mijoz kutib, hangoma qurib o‘tirishibdi.
Ulardan biri qirq yoshlar atrofidagi Olimjon Niyozov uch yildan beri shu yerda arava tortib, tirikchilik qiladi. Farzandlari yosh, ikki qizi ham maktabda o‘qir ekan. Hali xo‘roz qichqirmay, u Quva tumanidan shahar markaziga yo‘lga otlanadi. Mashinalar qatnovi siyrak bo‘lgani sabab tuman markazigacha 2-3 kilometr yayov boradi. Ayniqsa, sovuq, yomg‘irli kunlarda issiq o‘rnidan turib ishga borish, kuni bilan tashqarida tik oyoqda turishga yuragi betlamaydi. Ammo tirikchilik atalmish bo‘yinturuq bo‘yniga osilganidan buyon oilasi uchun halovatidan kechishga majbur.
Orada Rossiyaga borib ishlagan-u, kundalik yumushlardan topgani urvoq ham bo‘lmagan. Vatanga qaytib, shu ishning boshidan tutgan. Eng katta – 800 kilo yukni ko‘taradigan aravani har kuni ijaraga oladi, ijara haqiga kunlik 13 ming so‘m to‘laydi. Peshona teri bilan topgan 70-80 ming so‘mi ro‘zg‘origa kiradi. Hartugul, qora qozoni qaynab turganiga xursand.
Tabiatan quvnoq, 31 yoshga to‘lgan Temurxon Mirzayev esa uch oydan buyon aravakashlik qiladi. Yashash joyi Farg‘ona shahrining Abdulla Qodiriy mavzesida. Avvaldan bozorda turli yumushlarni bajargan, savdo-sotiqda ishlagan.
– Meni shu bozor katta qildi. ‘Otang bozor, onang bozor‘, deyishadi-ku, shu gap menga aytilgandek, deydi u.
Oila boquvchisini yo‘qotgach, hamma og‘irlik uning yelkasiga tushgan. Onasi, opalarining yolg‘iz suyanchi, tirgagiga aylangan. Yoshligidan o‘zini pul topishga urgan Temurxon o‘qishga, oliy taʼlim olishga imkoni, vaqti bo‘lmagan.
– Bozorda har xil odamni ko‘rasiz. 60 ta aravakash bo‘lsa, ularning taqdiri, feʼl-atvori ham turlicha, deydi “Markaziy dehqon bozori” rahbar o‘rinbosari Xayrullo Jo‘rayev. – Lekin aksari oilasidan tinchimagan, turmush sharoiti og‘ir odamlar majburlikdan, chorasizlikdan keladi. Baʼzan o‘ziga ikkita keladigan arava tortib yurgan bolalarga ko‘zim tushib qoladi. Ularni nozirga aytib, bozordan chetlashtiramiz. Ammo o‘ylab qolaman, to‘g‘ri qildimmi yo‘qmi deb. Chunki so‘rab-surishtirsam, oilada undan boshqa boquvchi bo‘lmaydi. Uyiga kiradigan rizqini qirqdikmikan, deb xotirjam bo‘lolmayman. Birovning kissasini, uyini, molini o‘marmay, halol mehnat qilayotgan edi...
Taqdirlar, holatlar, vaziyatlar shu qadar chigalki, qonunan to‘g‘ri deb qaror qilganingiz, kimningdir aksincha kelajagiga soya solib qo‘yayotgandek. Axir, o‘qisin, deganimiz bilan qorni ochning xayoliga kitob o‘qish kelarmidi?! Maktabga borishga ham yo‘lkirasi bo‘lmasa-chi? Paradoksni qarangki, arava tortib ham ko‘pga borib bo‘lmaydi. O‘zi istagan kelajakni kitob titkilamay qura olmaydi...
Quvonarlisi, Olimjon akaning ham, Temurxonning ham niyati – farzandlarini o‘qitish, elga-yurtga ko‘proq nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyalash. Ikkisi ham farzandlarini o‘zining boshiga tushgan og‘irlik, kamsitilish, nochorlik yengib qo‘ymasligini istaydi. So‘zlarini tinglay turib, amin bo‘ldimki, ularni hayot tarbiyalayapti, ular hayot maktabida o‘qiyapti.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutining arab filologiyasini tamomlagan Javohir Isroilov mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmagach, bozorga arava tortishga chiqadi. Aravaning orqasidan qizini uzatib, o‘g‘lini uylagan. Besh-olti yil bu ish bilan shug‘ullanib, ichkilikka mukkasidan ketadigan, topganini tomog‘iga yopadigan bo‘lgach, yaxshilar, yaqinlarning to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi, o‘zi ham hayot tarzini o‘zgartirmasa botqoqqa botib ketayotganini anglashi bilanoq hammasiga qo‘l siltab, qurilish kompaniyasiga ishga kiradi. U kunlar o‘tmishda qoldi. Ammo tevarak-atrofimizga teranroq boqsak, oliy maʼlumotli bo‘la turib ham arava tortib yurganlar, hayotning beshafqat zarbalari oldida oson taslim bo‘lganlarni ko‘rishimiz, balki yordam qo‘lini cho‘zishimiz mumkin.
– Odamlarimiz saxiy, – deydi aravakash Temurxon. – Yordam bo‘lsin deb xizmat haqimizga qo‘shib beradiganlar ham bor. Yangi yil bayrami arafasi bir ayol tort, shirinliklar sotib oldi. Uyi shu atrofda ekan, eltib berdim. Bitta tortni sovg‘a qilib yubordi.
– Aravakashlar ichida haloli ham, olg‘irrog‘i ham uchraydi, – gapni davom ettirdi dehqon bozori rahbar o‘rinbosari Xayrullo Jo‘rayev. – Yangi yil deganiga yodimga tushdi. Bir aravakash yigit bayram dasturxoniga 450 ming so‘mlik xarajat qilgan ayolning hamma bozorligini olib, uyiga ketib qolibdi. O‘sha kunlari odam gavjum edi, ayol olomonning ichidan uni topolmay, bizga murojaat qildi. Bir zumda bozor noziri bilan “olg‘ir”ning kimligini aniqlab, yashash manzili – Toshloqdan hamma mahsulotini qaytarib keltirib berdik.
Bozorda aravaning ortidan mana shunday “sarguzashtlar” ham bo‘lib turarkan. Aravakash Olimjon aka “Bozorda har kuni har xil voqealar bo‘ladi, turli odamlarni ko‘ramiz, zerikmayman. Shu ishga o‘rganib qoldim. Uyda qolsam, aravaning xumori tutaveradi”, deydi kulib.
Eʼtibordan, nazardan chetda qolayotgan aravakashlar hayotiga nazar tashlab, ularning armonlari kabi orzulari ham kattaligini, ammo taqdir ularning yuzidagi siniq kulgilarini aravaning g‘ildiraklari ostida sindirib o‘tayotganini, shunday esa-da boshiga ne kelsa ham, yashashga o‘zida kuch topayotganini chuqurroq his etasiz. Arava tortib ketayotgan odamga ko‘zimiz tushganida, eng avvalo, ular o‘zining g‘amlarini ko‘tarib ketayotganini, hayotning yuziga tik boqqancha yengilmay kurashayotganini eslab qo‘ysak kifoya. Balki, shunda ularga ham mehr nigohi bilan boqa olarmidik?..
Sevara Alijonova tayyorladi







