Zo‘ravonlikka uchragan ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun call-markazlar tashkil etiladi
Shuningdek, barcha hududlarda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatuvchi “Inson” markazlari ishga tushiriladi

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan IIV kengaytirilgan hayʼat yig‘ilishida ayollar jinoyatchiligining 40 foizga yaqini ishlamaydigan yoki doimiy band bo‘lmagan xotin-qizlar tomonidan sodir etilgani taʼkidlandi. Bundan tashqari, jinoyatdan 2,7 mingga yaqin, oilaviy zo‘ravonlikdan 20 mingga yaqin ayollar jabr ko‘rgan.
Shuningdek, davlat rahbari yaqinda Farg‘onada 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilganini tilga olib, bu holat vaziyat qanchalik og‘irligini ko‘rsatib turganligini aytdi.
Prezident yangi tuzilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi doirasida har bir tumanda:
-
ijtimoiy xizmatlarni "yagona darcha" tamoyili asosida ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari;
-
psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat "mobil guruhlar";
-
zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha call-markazlar tashkil qilishni topshirdi.
Shuningdek, qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmatini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Qayd etilishicha, agentlik viloyat hokimlari bilan birga yil yakuniga qadar barcha hududlarda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatuvchi “Inson” markazlarini ishga tushiradi.







