Sirdaryoda 11-sinf o‘quvchisi sinfdosh qizni kaltakladi
Bola sinfdoshi bilan tortishuv oqibatida unga tan jarohati yetkazgan.

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi umumta’lim maktablaridan birida o‘quvchilar o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi janjal aks etgan video tarqaldi.
O‘rganishlar davomida mazkur holat joriy yilning 31-mart kuni Sayxunobod tumanidagi maktablardan birida sodir bo‘lgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, 11-sinf o‘quvchisi M.M. sinfdoshi B.Sh. bilan o‘zaro tortishuv oqibatida uning yuz qismiga qo‘li bilan urib, tan jarohati yetkazgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi maktab direktori o'rinbosari 9-sinf o'quvchisini kaltakladi haqida xabar berilgandi.








