Turkiya rasmiysi Istanbulda sodir bo‘lgan otishma yuzasidan rasmiy bayonot berdi
Hujum qilganlarning shaxsi aniqlanib, hodisa yuzasidan tergov ishlari boshlangan.

Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan “Yapı Kredi Plaza” binolari oldida xizmat qilayotgan politsiya xodimlariga qarshi qurolli hujum amalga oshirilgani yuzasidan Turkiya Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Burhanettin Duran rasmiy bayonot berdi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, hujum uyushtirgan 3 nafar shaxs zararsizlantirilgan. Xavfsizlik kuchlarining tezkor va qat’iy harakati natijasida ehtimoliy yirik xavfning oldi olingan.
Shuningdek, qurolli to‘qnashuv davomida 2 nafar politsiya xodimi yengil jarohat olgan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hujum qilganlarning shaxsi aniqlangan bo‘lib, hodisa yuzasidan tergov ishlari boshlangan. Rasmiylar ushbu hodisa Turkiyaning “terrorsiz davlat” va “terrorsiz mintaqa” barpo etish yo‘lidagi qat’iyatiga ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlagan.
Avvalroq Istanbulda joylashgan Isroil konsulxonasi binosi tashqarisida politsiya va hujumchilar o‘rtasida uzoq davom etgan otishmada ikki nafar hujumchi o‘ldirilib, ulardan biri og‘ir yaralangani haqida xabar berilgandi.








