Rossiyadan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 12 nafar o‘zbekistonlik bola vatanga qaytarildi
Yana 22 nafar bolani O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Rossiyaning turli hududlarida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan 12 nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Bolalar O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillarining hamkorligida olib kelindi.
Qayd etilishicha, bolalarning 8 nafari Moskva viloyatidan, bir nafari Chuvashiya Respublikasidan, bir nafari Moskva shahridan, bir nafari Novosibirsk viloyatidan va yana bir nafari Tula shahridan olib kelingan.
Ularni vatanga qaytarish jarayonida shaxsini aniqlash, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar hal etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–avgust oylarida Rossiyaning turli hududlaridan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan jami 38 nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgan.
Hozirda yana 22 nafar bolani O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha zarur hujjatlar tayyorlanmoqda.








