Prezident Shavkat Mirziyoyev “ToshTech” texnika universiteti faoliyati bilan tanishdi
Universitetda ilk 400 talaba 100 foiz davlat granti asosida ta’lim olmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumaniga tashrifi davomida “ToshTech” texnika universiteti faoliyati bilan tanishdi.
Universitet davlat rahbarining 2025-yil 8-sentyabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, oliy muhandislik ta’limini transformatsiya qilishga qaratilgan. Loyihaning umumiy qiymati 69,5 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ushbu mablag‘ hisobidan Toshkent davlat texnika universitetining yetti qavatli o‘quv binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan.
“ToshTech” akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv jihatdan mustaqil davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Rejaga ko‘ra, 2030-yilgacha Toshkent davlat texnika universitetining tegishli fakultet va kafedralari bosqichma-bosqich yangi innovatsion ekotizimga transformatsiya qilinadi.

Universitetga 2026/2027-o‘quv yili uchun 1 654 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ularning orasidan eng bilimli va iqtidorli 400 nafari saralanib, o‘qishga qabul qilingan. Ilk talabalarining barchasi 100 foiz davlat granti asosida ta’lim olmoqda. Mazkur imtiyoz 2029/2030-o‘quv yiliga qadar qabul qilinadigan talabalar uchun ham saqlanadi.
Universitetda ta’lim to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Darslarga mahalliy olimlar bilan birga xorijlik yuqori malakali mutaxassislar ham jalb etilgan.

Talabalar to‘rtta asosiy yo‘nalishda — sanoat muhandisligi va menejment, elektr muhandisligi, energetika muhandisligi, materialshunoslik va nanotexnologiyalar bo‘yicha tahsil oladi.
“ToshTech” xalqaro ta’lim brendlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Universitet Shanxay Szyao Tong universiteti (Xitoy), Milan politexnika universiteti (Italiya), Bremen konstruktor universiteti (Germaniya) hamda “Boston Consulting Group” kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda.

Universitetda nazariy bilim bilan cheklanib qolmasdan, talabalarni dastlabki kurslardanoq real sanoat loyihalari va murakkab muhandislik muammolari ustida ishlashga o‘rgatish maqsad qilingan. Shu sababli talabalar o‘qish davridayoq amaliyot o‘tashi va kelgusida ish bilan ta’minlanishi uchun mamlakatimiz hamda xorijiy sanoat kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, “ToshTech” “ACWA”, “UzAuto Motors”, “Issiqlik elektr stansiyalari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi.

Tashrif davomida Prezidentga universitetning kelgusi rejalari haqida ma’lumot berildi. Davlat rahbari o‘qituvchi va talabalar bilan muloqotda “ToshTech” mamlakat sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadigan muhandislarning yangi avlodini tayyorlaydigan innovatsion maskanga aylanishi kerakligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilim va tajriba inson uchun eng ishonchli sarmoya ekanini qayd etdi.
“Insonning mol-mulki, mavqeyi yoki boshqa moddiy boyliklari vaqtinchalik bo‘lishi yoki yo‘qolishi mumkin, ammo uning ongidagi, qalbidagi bilim va tajribani hech kim va hech qanday kuch tortib ololmaydi. Bilim insonning eng xavfsiz va eng foydali sarmoyasidir”, — dedi davlat rahbari.
Tashrif yakunida Prezident universitet talabalari bilan suratga tushdi.








