O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi

Prezident O‘zbekiston shaxmatchilarining xalqaro maydondagi yutuqlari va mamlakatda shaxmatni rivojlantirish borasidagi ishlarni qayd etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda ilk bor o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilarini musobaqaning ochilishi bilan tabrikladi.

 

Davlat rahbari o‘z tabrigida O‘zbekistonda shaxmat bilan ommaviy shug‘ullanuvchilar soni 2 million nafardan, reytingga ega professional shaxmatchilar soni esa 6 ming nafardan ziyodni tashkil etayotganini qayd etdi.

 

Bugungi kunda O‘zbekistonda xalqaro grossmeyster unvoniga ega 32 nafar shaxmatchi bor. Mamlakatning besh nafar yetakchi shaxmatchisi jahon reytingining kuchli yuztaligidan joy olgan.

 

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi FIDE reytingida 204 davlat orasida 8-o‘rinda, ayollar jamoasi esa 20-o‘rinda qayd etilgan.

 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston terma jamoasining 2022 yilda 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgani, 2024-yilgi Olimpiadada esa sovrindorlar safidan joy olganini ta’kidladi.

 

Tabrikda Javohir Sindorovning jahon chempionligi uchun da’vogarlar turniridagi g‘alabasi va jahon kubogini qo‘lga kiritgani, Nodirbek Abdusattorovning blits bo‘yicha jahon chempionatida kumush medal olgani ham qayd etildi.

 

Prezident O‘zbekistonda shaxmatni «ommaviylikdan – professionallikka» tamoyili asosida mahallalardan boshlab ta’lim muassasalarigacha rivojlantirishga e’tibor qaratilayotganini bildirdi.

 

46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ilk bor O‘zbekistonda, Samarqand shahrida o‘tkazilmoqda. Unda dunyoning 200 dan ziyod mamlakatidan grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat ixlosmandlari ishtirok etmoqda.

 

Shuningdek, Samarqandda 3-Parashaxmat olimpiadasi va 97-FIDE kongressi ham o‘tkazilmoqda.

 

Shavkat Mirziyoyev barcha ishtirokchilarga mustahkam sog‘liq, jamoalarga yutuq va omad, FIDE kongressi ishiga esa muvaffaqiyat tiladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"